Davlat imidji

Men davlatlarni katta korporatsiyalarga oʻxshatgim keladi:

  • fuqarolar – shu korporatsiyaning mijozlari;
  • davlat ishchilari — korporatsiya xodimlari;
  • prezident, vazirlar va hokimlar – top menejerlar (yuqori mansabdagi boshqaruvchilar).

Adolatli, toʻgʻri bozor iqtisodiyoti va demokratiya rivojlangan mamlakatlarda korportiv imidj — juda muhim koʻrsatkich. Bu koʻrsatkich kompaniyaning kelajagiga katta taʼsir qiladi: imidji juda buzilgan kompaniya hatto bozordan chiqib ketishi mumkin. Imidj esa kompaniya koʻrsatayotgan xizmatlar yoki ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining sifati, mijozlariga qanaqa foyda keltirayotgani, kompaniyaning ichidagi madaniyat va qadriyatlari, top menejerlarning oʻzini tutishi kabilardan kelib chiqib baholanadi.

Davlat imidji ham xuddi shunday koʻrsatkich. Lekin bozordagi kompaniyalardan farqli ravishda, mamlakat ichida bitta hukumat odatda monopol boʻladi. Hozirgi dunyoda hamma xalqda ham yomon imidjga ega hukumatni almashtirish imkoniyati yetarlimas.

Har qanday kompaniya kabi, hukumat ham aqlli odamlar va xalqning (mijozning) boyishi uchun kurashadi. Xalq boy — hukumat boy. Chunki, hukumat turli xizmatlarni (xavfsizlik, himoya, tibbiyot, taʼlim, yashash sifati va turli boshqa imkoniyatlar) koʻrsatadi va shular uchun xalq topadigan daromaddan ulush (soliq) oladi. Shu xizmatlar yomonlashsa, davlat imidji tushadi. Yaxshilansa — koʻtariladi.

Men yuqorida hukumat mamlakat ichida monopol, dedim, lekin aslida hukumat boshqa davlatlarning hukumatlari bilan raqobat qiladi. Va bu raqobat, asosan, odamlar uchun boʻladi.

Davlatda roʻy berayotgan turli voqealar, hukumat fuqarolarga qilayotgan yoki qilmayotgan munosabati, jinoyatchilik darajasi, ochiqlik yoki yopiqlik siyosati, hukumatdagi amaldorlar kimlarning huquqini himoya qilayotgani, adolatning kuchi, oddiy odam qanaqa yashayotgani, ekologiyaga munosabat, xalqning boy yoki kambagʻalligi kabi juda koʻp faktorlar davlat imidjini maʼlum bir guruhdagi odamlar uchun koʻtarishi yoki tushirishi mumkin. Imidjdagi bunaqa oʻzgarishlarni birinchilardan boʻlib soha mutaxassislari, boshqa davlatda bemalol yashab keta oladigan (til biladigan), erkin fikrlaydigan, ochiqlikni qadrlaydigan odamlar sezadi. Davlat imidji quyiga qarab ketyaptimi, marhamat: aqlli odamlar sekin “surishni” boshlaydi. Chunki, ularda tanlov bor va ular hayoti qadrlanadigan joyda yashashni afzal koʻrishadi.

Tanganing boshqa tomoni — jamiyatning qadriyatlari. Agar jamiyatning qadriyatlarida maqtanchoqlik, ochkoʻzlik, kalta va ibtidoiyroq oʻylash, insonlarning tanlovini hurmat qilmaslik, oʻzgacharoq fikrlaydigan odamlarga yovvoyi munosabat koʻp boʻlsa, davlat imidji oʻz-oʻzidan yomonlashadi. Erkin odamlar erkin yashashni xohlaydi va bunaqa jamiyatda ular muvaffaqiyatli boʻlishi juda qiyin. Va bu ham aqlli odamlar davlatdan chiqib ketishiga olib keladi. Xalqning kuni esa shu jamiyatdan chiqadigan amaldorlarga qoladi: “kunim keldi”, deb bilgan ishini qiladigan, toʻymaydigan, faqat qarindosh-urugʻlari va tanishlarining huquqi va boyligi haqidagina qaygʻuradigan.

Menimcha, XXI-asrda dunyo yetarlicha ochiq. Va hamma davlatlar uchun aqlli va bilimli odamlar zarur. Imidji yuqori davlatlar bu raqobatda yutib chiqaveradi. Chunki, buyuk kelajakni umrining oxirigacha kutishga hammaning ham sabri chidamaydi. Bundan tashqari, davlat imidji yomonlashib ketayotgan holatda kamida bolalarning kelajagi haqida ham oʻylash lozim: nega ular erkin va ochiq davlatda yoki jamiyatda yashamasligi kerak?..

Shu mavzuda: Mustaqillik va erkinlik.

Telegram