COVID-19 va masofadan ishlash

Koronavirus infeksiyasi (COVID-19: COrona VIrus Disease 2019) tarqalishi dunyo masofadan ishlash haqida yana bir bor jiddiy oʻylab koʻrishiga olib keldi. Bizning kompaniyada aynan ofisga kelib ishlash lozim, degan shart avvaldan mavjud boʻlmagan. AT sohasidagi juda koʻp ishlarni masofadan bajarsa boʻladi. Barqaror va tez internet va kerakli qurilmalar yetarli. Ayniqsa, Oʻzbekistonda ham koronavirus aniqlangan holatda ish, taʼlim, muloqot masofadan boʻlishi juda dolzarb.

Lekin kasbdoshlar bilan biroz maslahatlashib, 12-mart kuni kompaniyamizning Toshkentdagi ofisimizdagi odamlardan imkoni boricha uydan ishlashni soʻradik. Bu qarorning asosiy sabablari quyidagilar edi:

  • bizning ofisimiz biznes markazida joylashgan va boshqa kompaniyalarning xodimlari ham yetarli;
  • kasbdoshlarimizning koʻpi ommaviy ovqatlanish shahobchalariga (kafe, oshxona) borishadi va tushlik paytida odamlar juda koʻp;
  • baʼzi kasbdoshlarimiz namoz oʻqish uchun masjidga borishadi (ayniqsa, juma kuni) va bu ham virus tarqalishiga taʼsir qilishi mumkin;
  • ofisimizdagi havo tozalash va aylantirish tizimi juda ideal emas (AQShdagi ofisimiz bilan solishtirib boʻlmaydi);
  • koʻpchilik ommaviy transport vositalaridan foydalanishadi.

Kompaniyaning siyosatida qoʻl berib koʻrishish, boshqa shaharlarga avvaldan ogohlantirmasdan sayohat qilish, ofisga mehmon chaqirish yoki boshqa ofislarda mehmon boʻlish kabilar taqiqlangan va ofisni toza saqlash lozim.

Odatiy holatda kompaniyamizda har doim kimdir uyidan ishlaydi (ayniqsa, odam koʻpaygandan keyin). Va bu shu paytgacha muammo boʻlmagan. Shundoq ham kompaniyamiz masofaviy (remote) hisoblanadi. Kasbdoshlarimiz Oʻzbekiston, AQSh, Ukraina, Rossiya, Polsha, Avstraliya kabi davlatlardan ishlaydi. Bizda uydan yoki masofadan ishlash boʻyicha qoidalar va koʻrsatmalar yetarli.

Shu orada masofadan ishlash boʻyicha baʼzi tajribalarimizni boʻlishsam:

  • uydan ishlash ham ish: oila aʼzolaringiz “bu uyda oʻtiribdi baribir”, deb hadeb bezovta qilmasligi lozim va buni oʻzingiz tushuntirishingiz kerak (ayniqsa, bolalarga);
  • iloji boricha alohida ish joyi va xona maʼqul;
  • ish vaqtini ham alohida nazorat qilinadi: ish vaqti tugaganda xuddi boshqa kunlardagidek dam olish lozim; masalan, men baʼzida uydan ishlaganda eʼtiborsiz qolsam tunda ham ishlab oʻtiraveraman;
  • uydan ishlaganda ishga tayyorlanishga va yoʻlga vaqt ketmaydi va bu uning juda ijobiy tomoni: kuningizda 1-2 soat qoʻshimcha vaqt topiladi (kitob oʻqishga, oʻzingizning ustingizda ishlashga, shunchaki sayr qilishga);
  • imkoni boricha kompaniyadagi har qanday bilimni har qanday odam mustaqil topa oladigan boʻlishi lozim: “bu narsani anavi odamdan soʻra” yoki “menda hozir ruxsat yoʻq falonchi bersa qilaman ishimni” kabi narsalar ishning samarasiga juda salbiy taʼsir qiladi; bizda bilimlar Notionʼda, parollar 1Passwordʼda saqlangan;
  • ishda biz Slackʼdan foydalanamiz va bu ish va shaxsiy mavzulardagi suhbatlarni ajratadi; ikkalasiga ham Telegram ishlatish, menimcha, mahsuldorlikka salbiy taʼsir qiladi;
  • javob zudlik bilan talab qilinmaydigan va uzun muhokamalar odatda pochta orqali boʻladi;
  • masofadan ishlaganda barqaror ishlaydigan video-muhokamalar juda muhim; biz hozir Zoom ishlatamiz: bir paytlar yaramas Uztelecom barcha video-chatlarni yopganda shu ochiq qolib ketgan (umuman olganda ham Zoom juda yaxshi servis);
  • turli video va foto tomosha qiladigan saytlar va ilovalar, ijtimoiy tarmoqlardan ehtiyot boʻlish: uyda shundoq ham ish muhitini yaratish qiyin boʻlgan vaqtda ular sizni juda chalgʻitishi mumkin;
  • odam kam paytda (tunda, masalan) koʻchada sayr qilib kelish kayfiyat va sogʻliqqa yaxshi taʼsir qiladi (uyda ishlaganda harakat kamayib ketishi ehtimoli katta).

Masofadan ishlash boʻyicha qoʻshimcha qoʻllanmalar:

Hozirgi paytda davlat tashkilotlari ham masofadan ishlashni sinab koʻradigan payt. Aks holda, bizning beparvoligimiz, byurokratiya va majlisbozliklarimiz bilan virusni koʻproq tarqatishga erishishimiz ehtimoli yuqoriroqdek…

Telegram