Jarayonlarni optimallashtirish: Bojxona va IIV

Koronavirus qarshi kurashish boʻyicha kiritilgan choralar biz oʻrganib qolgan dunyo bunaqa hayot tarziga tayyormasligimizni koʻrsatib berdi. Ayniqsa, hozirgi Oʻzbekistondagi aholi, hukumat va biznes hali oʻzining ustida ancha ishlashi kerakligini isbotladi. Quyida oʻzim guvohi boʻlgan baʼzi misollarni keltiraman va bularni, aslida, koʻpini axborot texnologiyalari va sal aql bilan yondashib ancha optimallashtirish mumkinligini aytmoqchiman. Quyida ikkita jarayondan misol keltirilgan.

Bojxona: kvotadan ortiqcha import

Mart oyida Amerikadagi ofisimizdan mening nomimga turli hujjatlar, kitoblar va telefon yuborishgan. Men noyabr-dekabr oylarida ham oʻzimga monitor va planshet buyurtma qilganim uchun kvartalda bojsiz qabul qilinishi mumkin boʻlgan qiymatdan oshgan. Bu qiymat bir kalendar kvartali uchun 1 000 AQSh dollari.

Халқаро курьерлик жўнатмалари орқали жисмоний шахслар номига келаётган товарларнинг бож ундирилмайдгиан миқдори бир календарь чорак мобайнида 1 000 (бир минг) АҚШ долларини ташкил қилади.

http://customs.uz/uz/lists/view/207

Endi joʻnatilgan buyumlarni olishim uchun men bojxona bojini toʻlashim lozim.

Hozir jarayon qanaqa?

  1. Avval men oʻzim xato qilib Shimoliy vokzal yaqinidagi bojxona boʻlimiga bordim (oʻtgan yili oʻgʻlim uchun droncha buyurtma qilganimda ham shu yerda ushlab qolib qaytarishgandi). U yerdan shu bino yonidagi pochtaga yuborishdi. Keyin kuryerlik xizmatiga telefon qilib aslida Sodiqjon Olimov koʻchasidagi bojxona ofisi yoki omboriga yuborishdi.
  2. Binoga telefon bilan kirish taqiqlanar ekan (negaligi menga qorongʻu), lekin binoning ichida suratga olish mumkinmasligi haqidagi ogohlantirishlar yetarli.
  3. 1-qavatdagi xonadan buyumlar haqidagi roʻyxatni oldim, imzo qoʻydim, baʼzi savollarga javob berdim. 3-qavatga chiqishimni soʻrashdi.
  4. 3-qavatga chiqqanda 1-qavatda berilgan hujjat va passportimni berdim. Baʼzi savollar berib men toʻlashim lozim boʻlgan boj hisoblab chiqildi. Va 1-qavatdagi kassada shu bojni toʻlashim mumkinligini aytishdi. Oyogʻim lat yeb yurish qiyinroqligi uchun “lift bormi?” degan savolimga istehzoli javoblar oldim va bizda hali imkoniyati cheklangan odamlarni oʻylash hammagamasligini esladim yana.
  5. 1-qavatda kassada mendan STIR (soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, ruschasiga ИНН) talab qilindi.
  6. Men yoddan hatto passport seriya va raqamimni bilmayman — hammasi telefonimda. Qaytib binoning kirishiga (qorovulxona) bordim, qorovuldan qogʻoz va ruchka olib telefonimdan STIRni yozvoldim.
  7. Buyumlarga qoʻyilgan bojni kassada toʻladim.
  8. 1-qavatdagi xonaga qayta borib boshida berilgan hujjatga pechat qoʻydirdim. Buni 3-qavatda soʻrashgandi, balki unutishgandir.
  9. 3-qavatga chiqdim va 10-15 minut kutganimdan keyin baʼzi hujjatlarni berishdi va endi buyumlarim kuryerlik xizmati orqali yetkazib berilishini aytishdi.
  10. Kuryerlik xizmatiga bojxonadan olingan deklaratsiyani yubordim.

Shu jarayonga jami 2 soatcha vaqt ketdi. Bu yerda xuddi shu vaziyatga tushgan aholining vaqtinimas, bojxonada ishlaydigan xodimlarning ham vaqtini qoʻshish lozim.

Aslida jarayon qanaqa boʻlishi kerak?

  1. Menga kuryerlik xizmati buyumlarim bojxonada toʻxtab qolgani va men falon saytda kerakli maʼlumotlarni kiritib pul toʻlashimni aytishadi.
  2. Shu saytga kiraman, agar maʼlumotlar yetarli boʻlmasa kiritaman (STIR, passport seriyasi va hokazolarni).
  3. Sayt menga buyumlarim uchun boj miqdorini koʻrsatadi va nega aynan shu miqdordagi pul toʻlashim lozimligini tushuntiradi.
  4. Ixtiyoriy onlayn toʻlov tizimi orqali pul toʻlayman (yoki bank/Paynet orqali naqd pul).
  5. Sayt kuryerlik xizmatini avtomatik ravishda ogohlantiradi.

Bu jarayon aslida odamdan koʻpi bilan 30 minut vaqt oladi birinchi marta. Keyingi safarlarda 5-10 minutda ham ulgurish mumkin. Agar roʻyxatdan oʻtish yoki kirish One ID orqali amalga oshirilsa balki STIR, passport maʼlumotlari ham talab qilinmaydi. Bojxona tizimi qanchalik raqamlashtirilgan va bu jarayonni qanchalik avtomatlashtirish mumkin — bilmayman. Lekin shunga intilish lozim.

Va bu hozir juda olgʻa surilayotgan onlaynlashuv va ijtimoiy masofani saqlash rejimiga juda mos.

Ichki ishlar vazirligi: mashinaga birja orqali raqam olish

Birinchidan, haligacha odamlarning aslida qayerda yashayotganimas, 10-15 yildan beri yashamayotgan propiskasi boʻyicha avtoraqam berilishi oʻta axmoqlik va odamlarning vaqtini davlat umuman hurmat qilmasligining isboti.

Hozir jarayon qanaqa?

  1. avtoraqam.uzex.uz birjasidan raqam tanlaniladi, karta ulanadi, savdoda qatnashiladi. Men tanlagan raqam bizning xalq juda qiziqmaydigan, faqat giklarda sal qiziqish uygʻotadigan raqam, shuning uchun, yagona taklif bilan yutib chiqiladi. Mening propiskam Fargʻona viloyati boʻlganligi uchun “40” bilan boshlanadigan raqam tanlaganman va bu raqam birjaga Fargʻona shahridagi IIB tomonidan qoʻyilgan.
  2. Yashash joyim Qoʻqon shahriga yaqin va shu Qoʻqon shahridagi TRIBga (tumanlararo roʻyxatlash va imtihon olish boʻlinmasi 😅) mashina bilan boraman.
  3. Yangi mashina hujjatlarini topshiraman.
  4. Kassaga borib bojlarni toʻlayman.
  5. Hujjatlar rasmiylashtiriladi.
  6. Mashinani texnik sozligi tekshiriladi.
  7. Hujjatlar tayyor va Qoʻqondagi TRIB xodimlari avtoraqamni olish uchun Fargʻonadagi TRIBga borishimni aytishadi (chunki raqam oʻsha yerdan qoʻyilgan birjaga). Aytishlaricha, shu atrofdagi baʼzi odamlarga berib kutib turish ham mumkin, lekin:
  8. Raqamni birjada yutib, lekin hali pulini toʻlamagandim. Keyin bilsam, pulni faqat kartamdan toʻlay olishim mumkin. Kartamda esa yetarli mablagʻ mavjud emas — faqat naqd pul bor. Va yana karta yonimdamas. Qoʻqondagi Aloqabankka kiraman, ular: biz boshqa bankdagi kartochkaga tushirish osonmas, deyishadi. Keyin shu yerda ochilgan Ipak Yoʻli bankining filialiga kiraman, ular: bizda kassa hali ochilmagan, yordam berolmaymiz, deyishadi. Shu bilan Fargʻona shahridagi Ipak Yoʻli bankining filialiga ketamiz, va u yerda: kassa qabul qilmasa kerak, deyishadi. Lekin shu yerda ishlaydigan ikkita xodim pulni qismlab mening kartamga oʻtkazib berishga rozi boʻlishadi — 👍. Men ularga naqd pulni berib minnatdorchilik bildiraman va Fargʻona shahar TRIBga yoʻl olaman.
  9. Fargʻona shahridagi TRIBda ahvol chatoq. Koronavirus sababli odamlar yigʻilishi taqiqlangan, ijtimoiy masofani saqlash soʻralgani bilan ham odamlar, ham bu yerdagi tartib va sharoit bunga mosmas. Odamlar hammasi bir teshikka tiqilvolgan: na navbat bor, na masofa saqlash. Odamlarning ismi oʻqilayotganiga qaramasdan hamma tik oyoqda kabinet atrofiga oʻralvolgan. Bunga, menimcha, IIB va TRIBdagi sharoit ham aybdor: ertalab 7 dan soat 17 gacha kutayotgan odamlar ham bor bu yerda.
  10. Juda qiynalib bir amal qilib hujjatlarni topshiramiz.
  11. Keyin har familiya oʻqilganda quyidagi rasmdagi olomondan uzoqroqda turib eshitishga harakat qilinadi va bu jarayon 2-3 soat davom etadi.
  12. Va nihoyat kechki soat 20:00 atrofida texnik passport va raqam olinadi.

Aslida jarayon qanaqa boʻlishi kerak?

  1. Men mashinani davlatga tegishli boʻlgan UzAuto Motors kompaniyasidan sotib oldim.
  2. Yagona saytdan raqam buyurtma qilaman: qimmat raqamlar ham, arzon raqamlar ham shu yerda.
  3. Mashina yoki oʻzim haqimda maʼlumotlarni koʻrsataman (aslida buyam shartmas — quyida oʻqing).
  4. Raqamning pulini toʻlayman.
  5. Xohlagan manzilimni koʻrsataman.
  6. Pochta orqali avtoraqam men koʻrsatgan manzilga (propiska boʻyichamas!) yetib keladi (tezkor yetkazishni ham buyurtma qila olay).

Eʼtibor bering, biz mashinani davlat korxonasidan sotib olyapmiz. Mashina tekshiruvi kerakmas. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar ham kerakmas chunki davlat oʻzining ikkita tashkiloti orasidagi maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyishi kerak (davlat yollagan dasturchilar nima qilyapti unda?) Hozir odamlar yarim-bir kun sarflayotgan vaqtini boshqa foydali narsalarga sarflagani toʻgʻriroq.

Toʻgʻri, bu holatda pochta sifatli ishlashi kerak, lekin bizda sifatli pochta boʻlishi hech kimga xalaqit bermaydi.


Umuman olganda, shunaqa jarayonlar ham davlat xodimlariga, ham odamlarga odatga aylanganligi uchun ularni yaxshiroq qilish zarurmasdek tuyuladi. Lekin divanda oʻtirib biroz hisob-kitob qilamiz:

  1. Oʻzbekistonda oʻrtacha ish haqi 2 300 000 soʻm (ikki million ikki yuz ming).
  2. Agar odam oʻrtacha kuniga 8 soat va haftasiga 5 kun ishlasa, bir oyda 160 soat ishlaydi.
  3. Oʻrtacha ish haqi va oylik soatlardan aholining soatlik daromadini topamiz: 2 300 000 / 160 = 14 375 soʻm. Demak, aholi oʻrtacha soatiga 14 375 soʻm daromad qiladi.
  4. Agar bir ish kunida Oʻzbekiston boʻylab oʻrtacha 3 000 ta odam (raqam osmondan olindi), masalan, 4 soat vaqt oladigan jarayondan oʻtsa, bunda shu odamlarning yoʻqotishi 3 000 * 4 * 14 375 = 172 500 000 soʻmga (bir yuz yetmish ikki million besh yuz ming soʻm, Karl!) miqdorni tashkil qiladi. Bu faqat bir kunda. Agar buni oʻrtacha 20 ish kuniga koʻpaytirsak, bu 3 450 000 000 soʻmga (deyarli uch yarim milliard) aylanadi. Bunda biz davlat xodimlari sarflaydigan vaqtni hisobga olmayapmiz.

Koʻrinib turibdiki, bunaqa jarayonlarni bir soatga kamaytirish ham odamlarga ancha foyda keltiradi. Yuqoridagi misol va hisob-kitobdan bir qancha xato topish mumkin, albatta, lekin bunaqa jarayonlar har doim idealga intilishi kerak va bu jarayonlarning samaradorligini oʻlchab borish lozim. Piter Druker aytganidek:

Agar siz uni oʻlcholmasangiz, siz uni yaxshilolmaysiz.

If you can’t measure it, you can’t improve it.

Telegram