Qoʻrquv va innovatsiyalar

Nisbatan yaqqol boʻlgan fikrni keltiraman: qoʻrquv innovatsiyalarga juda xalaqit beradigan xislat. Qoʻrqadigan odam xato qilishdan juda qoʻrqadi; bu juda katta kuch va jasorat talab qiladigan innovatsiyalarni bugʻadi. Va bu yerda juda qiziq dilemma paydo boʻlyapti: xato qilishdan qoʻrqib xato qilmayotgan odam xato qilyapti.

Albert Eynshtern aytganidek:

Hech qachon xato qilmagan odam yangi narsani hech qachon sinab koʻrmagan. (A person who never made a mistake never tried anything new.)

Yaʼni innovatsiyalar paydo boʻlishi uchun odamlar bemalol xato qila oladigan, bundan qoʻrqmaydigan muhit kerak. Qoʻrquv esa shunchaki odamlarni eski jarayonlarni oʻzgartirmaslikka, boriga shukr qilishga, koʻnishga oʻrgatadi xolos. Odamlar haqida aytilgan shu gap davlat va jamiyatga ham tegishli. Oiladagi, mahalladagi muhit, maktab va oliy oʻquv yurtlarida, davlat tashkilotlarida va boshqaruvida, biznesda.

Masalan, oilada bolalar tarbiyasida qoʻrquv asos qilib olinsa, bolalar shunchaki aytilgan narsani qiladi va har qanday yangi narsa ular uchun xavfga aylanadi. Yangilikka xavfsirab qaraydigan odamdan esa innovatsiyalarni kutish nooʻrin.

Endi davlat masalasiga kelsak. Menimcha, Oʻzbekistondagi koʻp sohalarda hali ham qoʻrqoq odamlar ishlaydi. Ular biror narsani oʻzgarishini xohlashmaydi, ular uchun yangilik — xavf, ular ibtidoiy fikrlashdan oʻtmagan. Dunyodagi bir qancha tajribalar qanaqadir qoʻrqinchli yakunga olib kelishi mumkin ular uchun.

Misollar:

  1. Propiska masalasini 10 yillab sudrash. Sobiq Sovet paytidagi qoʻrquv, odamlarni boshqarish ustiga qurilgan narsa mustaqil Oʻzbekistanda deyarli 30 yildan beri yashayapti. Toʻgʻri, bu tizimni birdaniga oʻzgartirish qiyin, lekin buni orqaga tashlab shundoq ham yillar yoʻqotilyapti. Davlat tashkilotlari bunda nimadan qoʻrqishi haligacha toʻlaqonli asoslanmagan. Odamlarning erkinligiga toʻgʻridan-toʻgʻri dahl soladigan narsalardan biri bu.
  2. Davlat tashkilotlarini panjara bilan oʻrab olish. Xuddi shu tashkilotlarning rahbarlari eramizdan million yil avvalgi davrdan kelganga oʻxshaydi. Bundoq qarasang, shu atrofda davlatimizda yashaydigan aholi — xalq, qanaqadir dinozavrlar yoki vahshiy hayvonlar emas.
  3. Vokzal va aeroportlarning atrofini panjara bilan oʻrab olish va odamlarni faqat bileti va passporti bilan kiritish. Bu holatda shundoq telefonning oʻzidan QR-kod orqali poyezd yoki samolyotga oʻtirib kerakli joyimizga yetvolish haqida oʻylamasak ham boʻladi.
  4. Dronlar paydo boʻlishi bilan Oʻzbekiston ularni olib kirishga cheklovlar qoʻygan. Bu bilan davlat ixtiyoriy odam ularni olib kirib, tekshirib, oʻzgartirib, har xil tajribalar qilishini toʻgʻridan-toʻgʻri yopdi. Kelajakda olimga aylanishi mumkin bolalardan tajriba qilish huquqi olib qoʻyilgan. Bu ham qanaqadir qoʻrquv ustiga qurilgan axmoqona asos bilan. Aslida, sal chuqurroq oʻrganilsa, dron ishlab chiqaruvchilari dronlarga taqiqlangan zonalarni doim yangilab boradi va davlat ulardan biror hududni qoʻshishni soʻrashi mumkin. Yoki dronlarni jismoniy shaxslar ham onlayn roʻyxatdan oʻtkazishi (hozir yuridik shaxs boʻlish lozim) imkoniyatini qoʻshish lozim. Sal keyinroq uchadigan mashinalar chiqsa ham shunaqa taʼqiq qoʻyishsa ajablanmayman.
  5. Oliy oʻquv yurtlarida talabalar biror notabiiy narsa bilan shugʻullanishidan qoʻrqib manyaklarcha davomadni olib borish, ularni bemaʼni, keraksiz fanlar bilan band qilish. Aslida, talabalar bemalolroq fikrlab, turli loyihalar ustida ishlab dunyoni oʻzgartirishi lozim.

Bunaqa misollarni koʻp keltirish mumkin. Men oʻzim eng koʻp duch kelayotganlarim haqida yozdim. Hozirgi oʻzgarishlar ancha yaxshi, lekin yetarli emas. Va hamma oʻzgarishlar faqat prezident orqali oʻtishi shart emas. Boshqalar ham oʻz ishini qilsin, faqat qarsak chalish yoki paxtakorlik bilan shugʻullanmasdan.

Davlat xalqqa xuddi yosh boladek yondashuv qilmasligi kerak mavjud-nomavjud xavflardan himoya qilaman, bularni cheklash kerak yoki qoʻlidan u yoki bu ish kelmaydi, deb oʻylamasdan. Aslida, davlat xalq muvaffaqiyatga erishishi uchun qoʻlidan kelgan-kelmagan hamma ishni qilishi kerak. Koʻp holatlarda odamlarga imkoniyat, erkinlik berib ularga xalaqit beradigan toʻsiqlarni olib tashlash kifoya.

Telegram