Millat ahamiyati

Anchadan beri boʻlishish haqida oʻylab yurgan narsalarimdan biri bu hozirgi zamonda millatning ahamiyati. Adashmasam, haligacha televizor orqali (men televizor koʻrmayman iloji boricha) “oʻzbeklarga u narsa xos, bu narsa xosmas” kabi mavzular muhokama qilib turiladi. Va bunaqa mavzularda gaplashishda har doim hisobga olinishi lozim boʻlgan narsalar bor.

Birinchidan, “toza” millatlar dunyoda deyarli qolmagan. Insoniyatning million yillik tarixida xalqlar juda aralashib ketgan. Oʻrta Osiyoda yashaydigan xalqlarda bemalol arab, fors, moʻgʻul va hatto grek DNKlari topilishi mumkin. Va bu yaxshi; bunga aslo salbiy yondashish kerak emas.

Bundan uch yilcha oldin bir tanishim 23andMe servisidan foydalangandi. Bu servis odamning DNK namunasini olib (soʻlagi yoki oʻgʻiz boʻshligʻidagi teridan), uni tekshirib uzuuun hisobot tayyorlashadi. Hisobotda odamning kelib chiqishi, sogʻligʻiga bogʻliq oʻziga xosliklarni koʻrish mumkin (3-5 haftada tayyorlab berishadi). Tanishimning ajdodlari boʻyicha hisoboti:

23andMe hisoboti

Hisobot 100% toʻgʻri chiqmasligi mumkin, lekin yuqoridagi fikrni ilmiy yoʻl bilan qisman tasdiqlaydi: 1,5% grek, 1,1% moʻgʻul. Va bu ham aniq fakt: Oʻrta Osiyo turli xalqlar bilan munosabatda boʻlgan — grek, fors, arab, moʻgʻul, ruslar va hokazo.

Ikkinchidan, yuqoridagidan kelib chiqqanda, millatning oʻziga xosligini ifodalovchi xususiyatlar ham aralashib ketgan. Masalan, “oʻzbeklarga bu xos, u esa xos emas” deydiganlar shu xosliklardan qanchasi din asosida ekanligini unutmasliklari lozim. Lekin diniy nuqtai nazardan esa deyarli hamma xalqlar bir xil. Bundan tashqari, mahalliy urf-odatlarning qanchadir qismi Zardushtiylik dini keng tarqalgan davrlardan beri saqlanib qolgan (masalan, Navroʻz bayrami).

Uchinchidan, koʻp davlatlarda millatga alohida urgʻu berish siyosiy ahamiyatga ega. Davlatda koʻpchilikni tashkil qilgan millatga ularning oʻziga xosligi yoki buyukligini goʻya sifatida singdirib, boshqa millatlarni dushman sifatida koʻrsatib foydalanish haligacha uchrab turadigan juda salbiy tajriba.

Toʻrtinchidan, hozirda koʻpgina rivojlangan davlatlarda turli xil millat vakillari bemalol yashaydi (Shimoliy Amerika va Yevropa, qisman Janubi-Sharqiy Osiyo). Va bu davlatlarda “davlat=millat” ekvivalentligi yoʻq. Shaxsan men uchun davlat nomlanishida biror millatga taalluqlilik yoʻqligi — yaxshi gʻoya. Masalan, AQSh yoki Singapur davlatlarida asosiy aholining millati qaysiligini nomiga aniqlab topish qiyin. Lekin Yaponiya, Oʻzbekiston, Germaniya va hokazo kabi nomlarda qaysi millatga asosiy urgʻu berilishini nomning oʻzidan topsa boʻladi.

Beshinchidan, globallashuv va har qanday maʼlumotni internetdan topish mumkin boʻlgan zamonda shaxsni biror millatga taalluqliligiga qarab baholash — eski va notoʻgʻri.

Umuman olganda, men fuqaro passportida “millati” boʻlimi boʻlishiga, davlat turli koʻrinishlarda shaxsning millatiga eʼtibor berishiga (diskriminatsiyaga ham aylanib ketishi mumkin baʼzida), yoki deputatlikka nomzodlar oʻzlarining millatini alohida koʻrsatishiga (bu — nomzodning yutugʻimas), “biz unaqamiz, biz bunaqamiz” deb hadeb taʼkidlanadigan propagandaga, qarshiman. Men davlatimizning nomi nisbatan qisqaroq, biror millatga urgʻu bermaydigan boʻlishini ham xohlardim lekin bu ham bir tarixiy meros va hammamiz (dunyo ham) bu nomga oʻrganib boʻlganmiz.

Til esa boshqa masala.

Telegram