Sayilgohlar

Menga sayilgohlar juda yoqadi. Oʻtgan yili eski tramvay yoʻli oʻrniga qurilgan Lutfiy sayilgohini rosa maqtagandim. Endi shu mavzuga koʻproq toʻxtalmoqchiman.

Sayilgohlar yopilmaydi. Bizdagi parklarning deyarli hammasi 23:00 va 06:00 oraligʻida yopiladi, yoki hozirgi vaqtimizdagidek karantinga yopilishi mumkin. Sayilgohlar esa 24 soat davomida ochiq.

Sayilgohlar panjara bilan oʻralmagan. Parklarimiz esa deyarli toʻrt tomonidan panjara bilan oʻralgan. Umuman olganda, shaharda qancha panjara koʻp boʻlsa u shuncha jozibasini yoʻqotadi, menimcha. AQSh shaharlaridagi baʼzi mahallalarda turli magazin va uylar panjara bilan toʻsilishi kambagʻallik va xavf belgisi.

Sayilgohlarda turli attraksionlar yoʻq. Men parklarning ichida koʻr-koʻrona attraksionlar joylashtirish va har qadamda mashina taklif qiladigan oʻsmirlarga qarshiman. Bunaqa narsalar savdo markazlariga koʻchishi va parklar odamlar maza qilib haqiqiy dam oladigan joylarga aylanishi kerak. Lekin bizning Ekoparkimizda ham turli binolar mavjud. Sayilgohlarda esa odam bemalol vaqt oʻtkazishi mumkin.

Yoʻlni ajratadigan sayilgohlar odamlarni xavfdan saqlaydi. Odatda, yoʻlning oʻrtasidagi sayilgoh mashinalar yoʻnalishini ikkiga ajratadi, yoʻlni ikkita kichikroq qismga boʻladi. Bu, albatta, piyodalar yoʻllarni xavfsiz kesib oʻtishiga yordam beradi. Sayilgoh xuddi keng va katta orolcha vazifasini oʻtaydi.

Sayilgohlar rostdan ham odamlarga tegishli. Aslida, mavzening atrofidagi trotuarlar ham odamlarga tegishli, daraxtlar koʻp, bemalol sayr qiladigan joy boʻlishi lozim. Lekin bizning reallikda trotuarlar mashinalar bilan toʻla. Sayilgohlarning koʻpiga mashina kirmaydi (faqat baʼzida juda axmoq odamlarni kuzatish mumkin). Shu sayilgoh ichidagi yoʻlak tugaguncha xavotirsiz sayr qilsa boʻladi.

Sayilgohlar odatda tinch. Kitob oʻqish, medidatsiya, baʼzi shaxsiy rejalarni tuzish, sport bilan shugʻullanish va shunchaki dam olish uchun juda qulay.

Hozir Toshkentda har bir qarich yerga axmoqona ravishda nimadir qurilayotgan, asosiy eʼtibor mashinalarga qaratilgan vaziyatda yangi sayilgohlar qurilishini kutish qiyin. Shuning uchun ham borini qattiq asrashimiz muhim. Boʻlmasa hokimiyatlar va quruvchilar shaharni daraxtlarsiz qutilardan iborat shaharga aylantirishi ehtimoldan holi emas.

Quyida Abdulla Qodiriy koʻchasida joylashgan, 2014-yilda “xatna qilingan” va 2015-yilda yoʻl kengaytirilishi hisobiga ikki qator daraxtlaridan ayrilgan sayilgohdan fotosuratlar.

Tasavvur qiling, agar barcha tramvay yoʻllarida (Navoiy, Amir Temur, Shota Rustaveli koʻchalarida) shunaqa sayilgohlar boʻlganda Toshkent qanaqa boʻlardi?..

Telegram