Lego

Lego — ajoyib ixtiro. Bolalarga (kattalarga ham) tayyor, shundoq qutisidan ochib oʻynab ketadiganmas, qurishni, yasashni oʻrgatadigan bloklar berishadi.

Men yoshligimda togʻam armiyadan kelganda Sovet paytida ishlab chiqarilgan, Legoʼga oʻxshab ketadigan qanaqadir temirsifat mashina olib kelgandi. Oddiy konstruktor. Lekin juda xursand boʻlib oʻynaganman. Hozir esa bunaqa konstruktorlarning ming xili bor.

Oʻgʻlim sal kattaroq boʻlganidan keyin unga bozordan (!) oʻzimizda chiqqan konstruktorlarni olib berishni boshlaganman. Ular sifatsiz: bloklari bir-biriga tushmaydi, instruksiyalari tushunarsiz, tez sinadi. Lekin arzon. Keyinroq rasmiy Legoʼga oʻtganman: sifatli, qimmat, instruksiyalari ham qutisining ichida keladi, ham onlaynda bor. Eng zoʻr tarafi, Legoʼning turli brendlari bir-biriga mutanosib: masalan, ancha yosh bolalarga moʻljallangan Duplo va kattaroq yoshdagilar quradigan Lego bir-biriga “tushadi”:

Lego mutanosibligi
Fotosurat bu yerdan olindi. Legoʼga moʻljallangan alohida StackExchange sayti borligini bilmaskanman: bricks.stackexchange.com

Lego bilan boʻlgan ilk “qurilishlarda” birga ishtirok etganmiz. Lekin qurish jarayoni juda qiziq boʻlgani uchun keyinroq qurilishni bola oʻz qoʻliga oladi. Keyinroq bular oddiy bloklarligi va tasavvurga cheklov yoʻqligi tushuniladi. Bunda bolalar instruksiyasiz juda ajoyib narsalarni yasashni boshlaydi: raketa va kosmik kemalar, turli mashinalar, uylar, joylar va h.k. Birorta oʻyinchoq uyda yoʻqmi, masalan, mikrofon? Marhamat: Lego Duplo yordamida mikrofon yasab vaqtincha reportyorlik qilish mumkin.

Legoʼning yana bitta zoʻr tarafi: u buzilmaydi, parchalanadi. Onlayn instruksiyasi yordamida originalini qayta tiklash mumkin. Salbiy tomoni esa shu zoʻr tarafi bilan keladi: mayda detallar sochilib yotadi, oyoqqa botadi va yoʻqolishi oson.

Shu yakshanba uyda kaaatta qayta qurishni boshladik. Bizda alohida qutida hamma sochilgan detallar yigʻiladi. Shuni oldik:

Koʻp Lego

Bularning hammasini ranglari boʻyicha ajratib chiqdik. Keyin 1-2 kichikroq personaj va mashinalarni tikladik. Keyin katta mashinani qayta qurishga butun oila 6-7 soat sarfladik. Qayta qurilgan konstruksiyalar va Lego-personajlar:

Lego-park

Va anavi katta mashina:

Lego-mashina

Xullas, har qanday ota-ona bolasiga Lego sovgʻa qilishi lozim, deb hisoblayman. Biz bolalar bilan xuddi The Lego Movie filmidagidek bitta stolga joy boʻladigan shahar qurishni rejalashtirdik. Sal keyinroq Legoʼdan robot qilishni oʻrganamiz. Oʻzim esa Lego Technicʼdan birorta model tanlayman.

Rasmiy Lego Toshkentda Urban Store va Erkatoy magazinlarida sotiladi. Va bu post reklama emas.

Aytgandek, ikkita maslahat yodimdan koʻtarilibdi:

  1. Hamma Lego toʻplamlarining kodi bor: 4 tadan 7 ta raqamgacha. Bu kod toʻplamning qutisida boʻladi. Shu kod orqali Lego saytidan instruksiyani topish mumkin: masalan, 4210 kodi qirgʻoqni qoʻriqlash platformasiga tegishli va saytdagi Download PDF tugmasi orqali instruksiya yuklab olinadi.
  2. Va hamma, HAMMA rasmiy Lego detallarida “LEGO” degan yozuv boʻladi. Yozuv yoʻqligi detalning soxtaligini bildiradi. Haqiqiy Lego
Telegram