Erkalash shakllari

Ismlarga qoʻshiladigan erkalash shakllari odamning rasmiy ismida boʻlmasligi lozim, deb hisoblayman. Erkalash shakllari bir nechta: -jon, -xon, -oy, -bek, -xoʻja, -boy va hokazo. Koʻpini vaziyatga qarab bitta ism uchun qoʻllasa boʻladi.

Masalan, mening passportdagi ismim “Farhodjon”. Men tugʻilib oʻsgan joyda, odatda, erkalash shakllari ishlatilmaydi (va har qanday ism ikki boʻgʻinga qisqartiriladi), shuning uchun, deyarli hamma uchun men — Farhod. Baʼzilar ismimga “-bek” qoʻshishadi: Farhodbek. Kamdan-kam holatda “Farhodjon” sifatida oʻzimni tanishtiraman. Chunki, ism uchun qoʻshimchalar ortiqcha deb hisoblayman va menga murojaat qiladiganlarning vaqtini olishni xohlamayman.

Hayotim davomida ismimni yozish uchun oʻrtacha xitoylikdan koʻra ancha koʻp vaqt sarflaganman, deb hisoblayman. Har safar ismimni yozganda 2-3 sekund koʻproq vaqt sarflashga toʻgʻri keladi. Ayniqsa, qoʻlda (!) yozish majburiyati tugʻilganda.

Oʻtgan yili oʻgillarimning ismlaridan “jon” qoʻshimchasini oldirib tashladim. FDXYo boʻlimi rahbari ancha qarshilik qildi: “shunaqa chiroyli ismlarni xunuklashtiryapsiz” kabi. Lekin men oʻgillarimning ismiga ixtiyoriy qoʻshimchani qoʻshish va ozroq boʻlsa ham vaqtini yozuv uchun sarflamaslik imkoniyatini berishimni tushuntirdim. Xullas, endi: Yunusjon → Yunus, Foziljon → Fozil.

Aytgandek, tabaqalashtirish bilan bogʻliq baʼzi qoʻshimchalar mavjud, masalan, erkaklar uchun “xoʻja” va “xon”. Oʻylaymanki, bular yaqinda oʻz kuchini yoʻqotadi. 21-asrda odamlarning geni va ismi asosida alohida tabaqalashtirish uchun joy qolmayapti.

Telegram