Lotin alifbosining yagona muammosi

Ancha vaqtdan beri oʻzbek tili uchun asosan lotin alifbosini ishlataman. Menga kirill alifbosi yoqadi va 1993-yilda lotin alifbosiga oʻtish juda va juda axmoqona qaror boʻlgan, deb hisoblayman. Xuddi Qozogʻistonga oʻxshab vaqt oʻtib toʻgʻri qarorni bir necha marta qayta ishlab chiqarish tarafdoriman.

Lekin qaror qabul qilingan, aholining qanchadir qismi tomonidan foydalanilyapti, maktablarda faqat shu alifbo oʻqitiladi. Menimcha, bunaqa holatda lotin alifbosi tuzatilishini kutib unga oʻtmasdan ikkita alifboli rejimda yurishimiz koʻproq zarar yetkazadi. Ikkinchi darajali qaraladigan narsaga kattaroq investitsiya qilish, uni yaxshilash, takomillashtirish haqida oʻylanmasligi ham mumkin. Bundan tashqari, ikkala alifboni ham ushlab turish uchun koʻproq vaqt va pul sarflanadi: hozir president.uz, kun.uz, daryo.uz, gazeta.uz kabi saytlarda ham kirill, ham lotin alifbolarida kontent qoʻyiladi (transliteratsiyani avtomatlashtirish uchun ham kamida).

Shuning uchun, men hamma imkoni boricha lotin alifbosiga oʻtish lozim, deb hisoblayman. Birinchi oʻrinda davlat tashkilotlari, keyin turli kontent yaratuvchilar (saytlar, blogerlar, nashrlar). Keyingi qadam esa lotin alifbosining eng katta muammosini tuzatish boʻladi.

Yagona muammo — Okina

Hozirgi lotin alifbosining muammolari haqida juda koʻp yozilgan va shu xatolar qisman odamlarni shu alifbodan toʻlaqonli foydalanishdan toʻxtatayotgani mumkin. Mening oʻzim ham bu haqida koʻp yozganman: Alifbo muammosi, Tirnoq yoki “Okina” kabi. Yoki Kun.uzʼdagi maqolada bir nechta odam oʻzlarining fikrini bildirgan: Yangi alifbo: yo najot – yo halokat, yo sa(v)odat – yo falokat masalasi.

Lekin shu muammolardan eng kattasi — oʻ va gʻ harflaridagi Okina yoki olti yoki teskari vergul. Koʻrinib turibdiki, hatto nomi ham hammaga yaqqolmas.

Yaqinda blogim uchun shrift izladim. Avval blogimda operatsion tizimdagi “sans-serif” (harf shaklining uchlarida chiziqchalarsiz) ishlatilardi. Odatda, bunaqa shriftlar dunyodagi deyarli barcha belgilarni oʻz ichiga oladi. Lekin bu shriftlar har doim ham hamma tilning xususiyatlarini hisobga olmaydi. Masalan, quyida yirik kompaniyalar ishlab chiqaradigan shriftlarda va blogimdagi joriy shriftda Okina qanaqa chizilishi:

Okina

Koʻp tizim shriftlari uchun Okina — gavayi alifbosidagi harf va fonetik ayirishni ifodalaydi. Bu degani, matnda u atrofidagi harflarni ikkita ajratib qoʻyishi normal holat. Shriftlar ham shundan kelib chiqib chiziladi. Bizning oʻ va gʻ esa biz bir necha yuz yillardan beri talaffuz qiladigan, avvalgi alifbolarda alohida harf sifatida belgilangan. Ular soʻzni ikkiga boʻlmaydi.

Masalan, chex alifbosida Ďď harfi bor (Vikipediya). Bosh harfida “háček” (inglizchada “caron”) belgisi ishlatiladi. Lekin qiziq tomoni kichik harfda bilinadi: garchi vizual ikkita belgidek tuyulsada, bu harf Yunikodda yagona belgi sifatida kiritilgan (belgilab koʻring), shriftlar tomonidan “d” va apostrofga belgisi bir-biriga “yopishtirib” chiziladi va matnni oʻqishni qiyinlashtirmaydi.

Yaʼni, agar lotin alifbosini ishlab chiqqan aqlli olimlarimiz biroz kengroq oʻylab, shu belgini tagiga yetib, Yunikod tashkilotiga oʻ va gʻ harflarini alohida belgi sifatida kiritishganda ham hozirgi vaziyat boʻlmasdi. Yoki shunga oʻxshagan belgini harfning ustiga yoki tagigayam tiqvorishsa boʻlardi. Hozirgidek (xuddi avval gavayi tilida boʻlganidek) hamma har xil yozmasdi bu belgini: o’, o‘, o`, o’, oʻ.

The ʻokina has historically been represented in computer publications by the grave accent (`), the left single quotation mark (‘), or the apostrophe (‘), especially when the correct typographical mark (ʻ) is not available.

Vikipediya

Okina bilan keyingi kattaroq muammo shrift ishlab chiqaruvchilari tomonidan turli tillardagi belgilarni qoʻllab-quvvatlashiga bogʻliq. Ingliz tiliga moʻljallangan shriftlar juda koʻp (deyarli barcha shriftlar). Yevropa davlatlari tomonidan ishlatiladigan diaktrik belgilarni oʻz ichiga olgan shriftlar ham yetarlicha. Kirill alifbosidagi shriftlar kam. Kirill alifbosidagi shriftlarning asosiy qismi rus, belarus va ukrain tilini hisobga oladi, chunki, nisbatan dizayn va tipografika shu tilda gaplashadigan odamlar ichida koʻproq rivojlangan. Oʻzbek kirill alifbosidagi қ, ғ, ҳ harflari bor shriftlarni topish juda qiyin.

Endi judayam kam tarqalgan gavayi alifbosidagi Okinani oʻz ichiga olgan shriftlarni topishni tasavvur qiling. Google Fonts, Adobe Fonts kabi servislardan ham kam topiladi. Yoki topilsa ham shrift uni kengroq, oʻqish uchun qiyin qilib chizishi mumkin (Tahoma yoki Verdana shriftlaridagi kabi).

Muammo yechimi

Shu Okinaning oʻrniga keng tarqalgan va matnda yaxshi koʻrinadigan diaktrik belgili o va g harflarini tanlash. Agar biz ikkala harfda ham uchraydigan diaktrik belgilarni qarasak, ular koʻp emas (o harfi uchun va g harfi uchun):

Okina

Men shaxsan 3, 4, 5 va 9 ni tanlayman. Chunki bularning vizual koʻrinishi o va g harflaridan uzoqlashadi. 1-variant xuddi urgʻu belgisini eslatvoradi va vizual tomondan shu harflarga yaqin. Qolganlari nisbatan kam tarqalgan va shrift topishda qiynalishimiz mumkin.

Boʻldi. Hozirgi mavjud adabiyotlar, darsliklar boricha qolaversin; qachon qayta chop qilinganda yangilanadi. Onlayn kontent zudlik bilan oʻtishi mumkin va odamlar ham tez oʻrganadi. Qolgani asta-sekin. Va albatta, Apple, Google, Microsoft kompaniyalari bilan ishlab tegishli klaviatura terilmalari va interfeysdagi tillarni tuzatish lozim.

Boshqa muammolarchi?

  • Sh va ch harf birikmalari katta muammo emas: garchi ingliz alifbosida bu digraflar mavjud boʻlmasada, bular koʻp til va alifbolarda qoʻllaniladi (sh (digraph), ch (digraph)). Ikkalasi ham deyarli butun dunyoga tanish, qoldiramiz.
  • “c” harfi yoʻq, lekin “ch” bor. OK. Alifbo mukammal emas, lekin mukammal alifbo aslida mavjudmas.
  • sex (цех) inglizchadagi seks boʻlib qolgani ham tabiiy. Bir tildagi baʼzi soʻzlar boshqa tilda qoʻpol yoki soʻkish boʻlishi uchrab turadi.
  • asʼhoq kabi soʻzlar? Oʻrtacha odam umrida necha marta bu soʻzni ishlatadi?
  • sh oʻrniga w, ch oʻrniga 4 ishlatyapti odamlar? Ishlataverishsin. Ingliz tilida ham aynan chatlar va rasmiy boʻlmagan internet slengi mavjud (4you — for you).

Bundan boshqa yana bir talay muammolarni topish mumkin, lekin, mening fikrimcha, xalqning savodini oshirish alifboni hadeb kavlayverishdan koʻra kattaroq muammo.

Telegram