Yandex.Xaritalar tahrirlovchisi (xalq xaritasi)

Yandex.Xaritalar servisi Oʻzbekistonda (ayniqsa, Toshkentda) juda yaxshi ishlayotganiga qaramay, unda kamchiliklar koʻp. Ayniqsa, mavzelar ichida va shaharlardan tashqariga chiqqanda. Bu kamchiliklardan nolib Yandex tuzatishini kutib oʻtirish ham notoʻgʻri. Xaritadagi kamchiliklarni tuzatish uchun Yandexʼning alohida servisi mavjud: Xalq xaritasi (ruschada Народная карта).

Yandexʼda hisobi bor boʻlgan odam (Yandex.Taksi ishlatayotgan hamma) shu xaritaga kirib turli notoʻgʻri maʼlumotlarni tuzatishi va yangi binolarni kiritib qoʻyishi mumkin. Va shu tuzatishlar 1-2 hafta ichida moderatorlar tomonidan koʻrib chiqiladi va asosiy xaritada chop etiladi.

Yandex.Xaritalar tahrirlovchisi

Yaqinda turmush oʻrtogʻim Yandex.Taksi chaqirganda ilova mavze ichidagi yoʻl yopilganini bilmagan. Haydovchi biroz aylanib kelishiga toʻgʻri keldi. Shu kunning oʻzida men mavze ichidagi baʼzi kichik koʻchalarda oʻtish joylarini tuzatib chiqdim: qayerdadir faqat piyoda yoki velosiped bilan oʻtish mumkin, qayerdadir mashinalar toʻxtash joyi bor, qayerdadir Yandex.Xaritalarda koʻrsatilmagan magazin yoki bino mavjud. Bir hafta oʻtmasdan Yandex mening tuzatishlarim chop etilgani haqida email yozyapti:

Yandexʼdan email

Asosiy xaritaga ham kompyuterdan, ham telefondan kirdim — rostdan ham tuzatishlar qabul qilingan. Endi haydovchilarni chalgʻitadigan yoʻllar kamaydi va atrofdagi kichik magazinlar xaritada.

Qancha koʻp odam xaritani tahrirlashda qatnashsa, u shuncha haqiqiylashib, toʻgʻrilanib boradi.

Telegram